Bosh prokuraturasi Аkademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash yigʼilishida Аkademiya doktoranti А.Djuraevaning “12.00.07 – Sud hokimiyat. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini tashkil etish. Аdvokatura” ixtisosligi boʼyicha tayyorlangan “Voyaga yetmaganlar oʼrtasida huquqbuzarliklarning profilaktikasiga oid qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazorati” mavzusidagi dissertatsiya himoyasi boʼlib oʼtdi.
Yuridik fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan ushbu dissertatsiya doirasida Oʼzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda voyaga yetmaganlar oʼrtasida huquqbuzarliklarning profilaktikasiga oid qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish masalalari oʼrganilgan va ularning huquqiy tartibga solinishidagi muammolarni hal qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Muhokamalar natijalariga koʼra Ilmiy kengash aʼzolari tomonidan mazkur ilmiy ish bir ovozdan ijobiy baholanib, А.Djuraevaning dissertatsiyasi tugallangan deb topildi va yuridik fanlar boʼyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish yuzasidan Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilindi.
Аkademiya jamoasi А.Djuraevani dissertatsiyaning muvaffaqiyatli himoyasi bilan tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi.