Odil sudlovni amalga oshirishga masʼul boʼlgan prokuratura organlari xodimlari uchun trening tashkil etildi

Odil sudlovni amalga oshirishga masʼul boʼlgan prokuratura organlari xodimlari uchun trening tashkil etildi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Bosh prokuratura bilan birgalikda Yevropa Ittifoqining Oʼzbekiston uchun 2021-2027 yillarga moʼljallangan koʼp yillik indikativ dasturi doirasida hamda Yevropa Ittifoqining Oʼzbekistondagi delegatsiyasi koʼmagida jinoiy odil sudlov jarayonida korruptsiyaviy xavf-xatarlarini baholash boʼyicha TAIEX INTPA loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Jinoiy odil sudlov sohasida yuzaga kelishi mumkin boʼlgan korruptsiya xavf-xatarlarini aniqlash va baholash masalalari boʼyicha tajriba almashish maqsadida Аkademiyada “Jinoiy odil sudlov sohasida korruptsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish” mavzusida uch kunlik trening oʼtkazildi.

Trening Yevropa Ittifoqining korruptsiyaga qarshi kurash masalalari boʼyicha eksperti, 2011-2016 yillarda Latviyaning Korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi (KNAB) rahbari lavozimida faoliyat yuritgan Yaroslav Strelьchenok tomonidan oʼtkazildi.

Treningda Bosh prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining tergov va tergovga qadar tekshiruvni oʼtkazish, tergov va surishtiruv faoliyatini nazorat qilishga masʼul boʼlgan, shuningdek ichki xavfsizlik xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan korruptsiya xavf-xatarlarini baholash rejasi, odil sudlovni amalga oshirish jarayoniga jalb qilingan xodimlarning korruptsiya ehtimoli boʼlgan vazifalar va funktsiyalar roʼyxati hamda korruptsiya xavfini aniqlash masalalari muhokama qilinib, ularning loyihalari ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, ekspert tomonidan Аkademiya magistraturasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish” yoʼnalishi tinglovchilari uchun davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash tizimini joriy etish boʼyicha oʼquv mashgʼuloti oʼtkazildi.