Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʼyicha malaka oshirish kursi oʼtkazilmoqda

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʼyicha malaka oshirish kursi oʼtkazilmoqda

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” XNNT bilan hamkorlikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʼyicha murabbiylikka tayyorlash va oʼqitish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida Аkademiyada tuman (shahar) prokuraturalari tergovchilari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti surishtiruvchilari uchun “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirish holatlari boʼyicha moliyaviy tergov oʼtkazish” mavzusida malaka oshirish kursi tashkil etildi.

Malaka oshirish kursi ishdan ajralmagan holda masofaviy taʼlim va Аkademiyada kunduzgi taʼlim shaklida oʼqitishni nazarda tutgan aralash taʼlim shaklida tashkil etildi.

Oʼquv kursi dasturidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish qarshi kurashishning xalqaro va milliy tizimi, jinoiy daromadlarni legallashtirish usullari va turlari, moliyaviy tergovni tashkil etish, shuningdek, kriptoaktivlar bilan bogʼliq huquqbuzarliklarni aniqlash boʼyicha nazariy va amaliy mashgʼulotlar oʼrin olgan.

Oʼquv mashgʼulotlariga Аkademiya professor-oʼqituvchilari bilan bir qatorda jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish sohasidagi “Mintaqaviy muloqot” XNNT xalqaro eksperti D.Richard jalb qilingan.