O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan akademik mobillikni kengaytirish, prokuror-tergov kadrlarni tayyorlash sohasida ilg‘or tajribani joriy etish bo‘yicha yetakchi xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan tizimli asosda hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda.
Lund universiteti bilan hamkorlikda o‘zaro tajriba almashishga yo‘naltirilgan Erasmus+ grantining International Credit Mobility dasturi hamda “Central Asian Law: Legal Cultures and Business environments in Central Asia” loyihasi amalga oshirilmoqda.
O‘zaro hamkorlik doirasida yurisprudensiya va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, pedagogik tajriba almashish, stajirovkalar va ta’lim dasturlarini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.
2022/2023 o‘quv yilida Akademiya magistraturasining ikki nafar tinglovchisi magistraturaning ikkinchi semestrini Lund universitetining “Huquq sotsiologiyasi” departamentida davom ettirmoqdalar.
Tinglovchilar tadqiqot ishlari doirasida 40 dan ortiq mamlakat talaba va tadqiqotchilari bilan o‘zaro fikr almashgan holda inson huquqlari va boshqa sohalarda Yevropa mamlakatlarining ilg‘or tajribalarini o‘rganish, innovatsion tadqiqot usullarini o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Shuningdek, Akademiya Lund universiteti tomonidan muvofiqlashtirilayotgan Yevropa Komissiyasining “Central Asian Law: Legal Cultures and Business environments in Central Asia” loyihasiga jalb etilgan. Konsorsium doirasida tashkil qilingan ushbu loyihada Syurix universiteti, Pragadagi Karlov universiteti, Riga oliy huquq maktabi, Marmara Universiteti, Latviya universiteti va boshqa mashhur ta’lim muassasalari ishtirok etmoqda.
Mazkur loyiha doirasida Akademiyaning doktoranti tomonidan Lund universitetida ilmiy-tadqiqot ishi amalga oshirilmoqda.
O‘zaro manfaatli hamkorlik Akademiya ta’lim va tadqiqot salohiyatini yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shadi.