2023 yil 25 mart kuni huquqshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining Faxriy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor, jonkuyar va fidoyi ustoz, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi professori Raximov Faxri Xaydarovichning 70 yillik yubileyi munosabati bilan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Prokuratura organlarida uzoq yillik mehnat faoliyati davomida o‘zini yuqori malakali mutaxassis, tajribali va mas’uliyatli xodim sifatida namoyon etgan, ko‘p yillik amaliy, ilmiy va pedagogik tajribaga ega bo‘lgan ustoz F.X.Raximovning ilmiy faoliyati va amaliy tajribalarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati va xodimlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilari F.X.Raximovning ilmiy faoliyati davomida nashr etilgan ko‘plab darsliklar, ilmiy-amaliy qo‘llanmalar, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yubilarning prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishdagi xizmatlarini alohida ta’kidladilar.
Faxri Xaydarovich ko‘p yillik ilmiy faoliyati davomida sud-huquq sohasida ko‘plab izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilgan.
Boy ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan, tajribali ustozning bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlashning zamonaviy tizimini tashkil etishda, ilmiy xodimlarni tayyorlashda hamda o‘quv jarayonlari va ilmiy muhit rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotganligi alohida e’tirofga loyiq.
Akademiya jamoasi Faxri Xaydarovichni yubiley bilan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, ko‘tarinki kayfiyat, oilaviy farovonlik va ish faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!