Dissertatsiya ishlarida uchrayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

Dissertatsiya ishlarida uchrayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida an’anaviy fan soati doirasida “Dissertatsiya ishlarida uchrayotgan kamchiliklar: muammo va uning yechimlari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.

Fan soati doirasida Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari, yu.f.d., professor M.Mamasiddiqov tomonidan tadqiqotchilar dissertatsiya ishini yozishda duch keladigan dolzarb muammoli masalalar yuzasidan tahliliy ma’ruza qilindi.

Ma’ruzada so‘nggi paytlarda dissertatsiya ishlarida uchrayotgan kamchiliklar sifatida mavzuning dolzarbligi va zaruratini yetarli darajada asoslamaslik, dissertantlar tomonidan tadqiqot vazifalari e’tibordan chetda qolishi, bu esa tadqiqotning vazifalari bilan dissertatsiya rejasi, dissertatsiyada ilgari surilayotgan ilmiy yangiliklarning o‘zaro nomuvofiqligiga sabab bo‘layotganligi, tadqiqotning usullari sifatida ko‘rsatilgan holatlarning ishda qo‘llanilmayotganligi, dissertatsiya xulosalarining, ilmiy yangiliklarning ishonchsizligi va asoslanganligi darajasining juda sayozligi, disertatsiya avtoreferatining rus va o‘zbek tilidagi tarjimalarida uchrayotgan o‘zaro nomuvofiqliklar, ishda foydalanilgan adabiyotlarni shakllantirishda ham Nizom talablariga rioya qilmaslik kabi holatlarga to‘xtalib o‘tildi.

Ma’ruzachi tomonidan aniq misollar orqali yuridik fanlar bo‘yicha dissertatsiyalarda uchrayotgan kamchiliklar tahlil qilinib, dissertantlar oldida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar va ularni hal etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Tadbirda nafaqat Akademiyaning, balki Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, IIV Akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari ham ishtirok etishdi hamda ilmiy tadqiqotlari yuzasidan qiziqtirgan savollariga javob oldilar.