Huquqni muhofaza qilish akademiyasi huzuridagi Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishida Akademiya mustaqil izlanuvchisi T.B.Safarovning “12.00.07 – Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini tashkil etish. Advokatura” ixtisosligi bo‘yicha “Odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sudyalarning yuridik javobgarligi: zamonaviy holat va rivojlanish yo‘nalishlari” mavzusida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiyasining himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadqiqot doirasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sudyalarning yuridik javobgarligini tartibga soluvchi xalqaro standartlar, ilg‘or xorijiy tajriba va milliy huquqiy asoslar, huquqni qo‘llash amaliyoti va yuridik fanda mavjud bo‘lgan ilmiy-nazariy yondashuvlar, qarashlar o‘rganilgan.
Dissertatsiyada xalqaro standartlar va xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi asosida sudyalarning yuridik javobgarligiga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.
Dissertatsiya himoyasi natijasiga ko‘ra, Kengash a’zolari tomonidan tadqiqotchi yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun loyiq deb topildi.
Akademiya jamoasi T.B.Safarovni dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganligi bilan tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi!