Huquqni muxofaza qilish Akademiyasi va Bosh prokuratura delegatsiyasi Turkiya Adliya Akademiyasi tomonidan Sudyalar va prokurorlarni tayyorlash Turkiy tarmog‘i doirasida Bursa shahrida tashkil qilingan kiberjinoyatchilikka qarish kurashishga bag‘ishlangan qurultoyda ishtirok etdi.
Tadbir Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TICA), Turkiy davlatlar tashkiloti va Bursa prokuraturasi ko‘magida o‘tkazildi.
Marosim Bursa Bosh prokurori Ramazon Solmaz, TICAning Tashqi aloqalar va sheriklik boshqarmasi boshlig‘i Ug‘ur Taneli, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi yordamchisi Sa’di Jafarov, Turkiya Adliya akademiyasi prezidenti Muxittin O‘zdemirlarning kirish nutqlari bilan ochildi.
Qurultoyda Sudyalar va prokurorlarni tayyorlash Turkiy tarmog‘i ishtirokchilari – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, shuningdek Vengriya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasining prokurorlar va sud’yalarini tayyorlaydigan 11 ta ta’lim muassasasi (tuzilmasi) hamda ushbu davlatlarning huquqni muhofaza qilish organlari vakillaridan iborat 40 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Qurultoy doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari U.U.Nigmadjanov “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni qo‘llash amaliyoti" mavzusida ma’ruza qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha xalqaro va milliy qonunchilik masalalari yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdilar.