Akademiyada Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Samarali boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonning ikkinchi Ixtiyoriy Milliy Hisoboti loyihasi muhokamasi o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining “Samarali boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha ekspertlar guruhining ishchi organi hisoblanadi.
Tadbirda “Samarali boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha ekspertlar guruhi a’zolari, mas’ul vazirlik va idoralar, BMT tashkilotlari va agentliklari, fuqarolik jamiyati institutlari, mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritib kelayotgan yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni Bosh prokuror o‘rinbosari, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining “Samarali boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha ekspertlar guruhi raisi S.I.Samadov kirish so‘zi bilan ochib, barqaror rivojlanish sohasida qabul qilingan majburiyatlarni bajarish yuzasidan belgilangan muhim vazifalar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qayd etib o‘tdi.
Ishtirokchilar tayyorlangan ixtiyoriy hisobot loyihasining turli jihatlarini muhokama qilib, unda belgilangan barcha asosiy vazifalalar, shu jumladan, zo‘ravonlikning oldini olish va gender tengligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligi va odil sudlovni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va noqonuniy moliyaviy oqimlarni cheklash masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Ekspertlar hisobotni qo‘shimcha ma’lumotlar, shu jumladan, nodavlat sektori faoliyati nuqtai nazaridan ham to‘ldirish zarurligini ta’kidlab o‘tdilar.
Muhokama yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan hisobot loyihasida barqaror rivojlanish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va mavjud muammolarni to‘liq aks ettirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.