O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6013-sonli hamda 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–257-sonli farmonlari bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator vazifalar yuklatilgan.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, Prezident hujjatlari, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa hujjatlarda belgilangan mushtarak maqsadlar va vazifalar ijrosining samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning 6 iyun kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Memorandumning asosiy maqsadi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida hamkorlikda ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish, korrupsiya holatining tizimli tahlilini amalga oshirish, bu sohadagi huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf qilish, aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga qarshi ta’lim va malaka oshirish tizimini joriy qilish, xalqaro reytinglarda O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.
Akademiya va Agentlik hamkorlik memorandumiga asosan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarini, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Korrupsiyaga qarshi tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi tavsiyalarini milliy qonunchilikka singdirish faoliyatini rivojlantiradi, shuningdek ushbu Konvensiya obzorlarida va IHTTning tavsiyalari monitoringida O‘zbekistonning ijobiy natijalarga erishishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiradi.
Tantanali ruhda o‘tgan marosimda Memorandumda belgilangan maqsad va vazifalarga erishish maqsadida taraflar tomonidan 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi imzolanib tasdiqlandi.