Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasi bitiruvchilariga diplomlar topshirildi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasi bitiruvchilariga diplomlar topshirildi

2023 yil 11 avgust kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasini 2022/2023 o‘quv yilida tamomlagan magistrlarga “Huquq magistri” diplomlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda Bosh prokuratura xodimlari, Akademiya rahbariyati va xodimlari, magistratura bitiruvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.

Akademiya rahbariyati magistratura bitiruvchilarini samimiy tabriklab, ularning kelgusidagi faoliyatida ulkan zafarlar tiladilar.

Tadbirda so‘zga chiquvchilar Akademiya o‘quv dasturlari prokuror-tergov sohasida ish olib borish, norma ijodkorligi va tahliliy faoliyatida ishtirok etish, shuningdek, faoliyatni tashkil etishning innovatsion shakl va usullari, boshqaruv asoslarini o‘zlashtirish bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikmalarni chuqurlashtirishga qaratilganini ta’kidlab o‘tdilar. O‘quv mashg‘ulotlari ham mazmunan, ham ilmiy-metodik jihatdan yangicha yondashuvlar asosida, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalaridan, xorijiy innovatsion tajribalardan foydalangan holda tashkil etilgani, o‘quv jarayonida professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda milliy va xorijiy ekspertlar, Parlament, vazirliklar, idoralar, ilmiy, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgani natijasida bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlari yetuk mutaxassis olimlar tomonidan yuqori baholangani alohida qayd etildi.

Shundan so‘ng, Akademiyani muvaffaqiyatli tamomlagan 63 nafar yoshlarga “Huquq magistri” diplomi topshirildi.

Tadbirda Akademiyaning bitiruvchilari va ularning ota-onalari so‘zga chiqib, ushbu ta’lim dargohida yoshlar uchun ta’lim olish va ilmiy faoliyat olib borish borasida yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni yuqori baholab, Bosh prokuratura hamda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilariga chuqur minnatdorchilik izhor qildilar.