Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Akademiya rahbariyati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tarmoq rahbarlarining “Mintaqaviy muloqot” XNNT direktori M.Sever va AQSH Davlat departamenti terororizmga qarshi kurashish dasturlari rahbari G.Meyson bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar “Mintaqaviy muloqot” XNNT va AQSH Davlat departamentining Terrorizmga qarshi kurash byurosi bilan hamkorlikdagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida murabbiylik va o‘qitish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Loyiha jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida texnik yordam berish, murabbiylik va barqaror o‘qitish dasturini ishlab chiqish orqali huquqni muhofaza qilish organlari salohiyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan.
Shuningdek tomonlar kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kurslari, magistratura va bakalavriat dasturlarini tashkil etish hamda o‘quv modullarini xorijiy amaliyot asosida takomillashtirish yuzasidan fikr almashdilar.
Tashrif davomida xalqaro hamkorlar Akademiyaning o‘quv auditoriyalari, maxsus poligonlar, kiberlaboratoriya, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida kadrlar tayyorlash tajribasi bilan tanishdilar.