Inson huquqlarini ta’minlash masalalariga oid o‘quv kursi davom ettirilmoqda

Inson huquqlarini ta’minlash masalalariga oid o‘quv kursi davom ettirilmoqda

“Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursining navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlarda Navoiy viloyatining prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari tinglovchilar sifatida ishtirok etdilar.

Mazkur o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan.

Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, IIV Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar, qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati, ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari, kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi kabi o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Mazkur kurs doirasida Navoiy viloyatidagi tinglovchilar uchun Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, yu.f.d., professor M.Mamasiddiqov tomonidan “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi” mavzusida ma’ruza qilindi.

O‘quv kursi tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi, o‘zlari uchun kerakli bilim va malakaga ega bo‘ldilar.