2023 yil 27 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish, bu borada akademiya tinglovchilarining bilimlarini yanada oshirish maqsadida “Zamonaviy tergov faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Bojxona institutining malakali professor-o‘qituvchilari hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Tergov faoliyati” yo‘nalishi magistratura bosqichi talabalari ishtirok etishdi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, yu.f.d., prof. M.Mamasiddiqov ochib berdi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar inson huquq va erkinliklarining jinoyat-protsessual kafolatlarini takomillashtirish, prokuratura organlari tergov faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash davlat xavfsizlik xizmati o‘quv muassasalarida inson huquqlari sohasida ta’lim, bojxona organlarining surishtiruv faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash, ishni sudga qadar yuritishda protsess ishtirokchilarining huquqlarini ta’minlash va boshqa shu kabi dolzarb masalalar doirasida mavzularda to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek davra suhbati ishtirokchilari tomonidan dastlabki tergov va surishtiruv faoliyatida inson huquqlari ta’minlash masalalari, bu borada jinoyat protsessiga yangi joriy etilgan va takomillashtirilgan institutlar, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, ularning inson huquqlarini ta’minlash borasida ahamiyati, mavjud muammolar va ularning yechimlari borasida fikr yuritildi.
Davra suhbati qizg‘in va konstruktiv ruhda o‘tdi, ishtirokchilar ushbu masalalar bo‘yicha o‘zlarining to‘plagan bilim va boy tajribalarini o‘rtoqlashdilar, qiziqarli fikr-mulohazalari va taklif-tavsiyalarini bayon etdilar.