Huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika masalalari yuzasidan xalqaro o'quv seminari bo'lib o'tdi

Huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika masalalari yuzasidan xalqaro o'quv seminari bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to'g'risida”gi 2018 yil 8 maydagi PF–5438-son Farmoni va tasdiqlangan “Yo'l xaritasi” ijrosini ta'minlash, huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikga qarshi kurashish sohasida o'zaro hamkorlik masalalari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish maqsadida chet el va xalqaro ta'lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik o'rnatilib kelinmoqda.

Shu bois, 2018 yil 6 avgust kuni Bosh prokuratura Akademiyasida huquq sohasidagi xalqaro ekspertlar va Akademiyaning professor-o'qituvchilari jamoasi ishtirokida mazkur soha yuzasidan bir qator chet el mamlakatlarining ilg'or tajribalari o'rganilib, muhokama va munozaralar o'tkazildi.

Bundan tashqari, 2018 yil 7 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida, Lund Universiteti (Shvetsiya) halqaro ekspertlari ishtirokida “Huquqbuzarliklarni oldini olish va profilaktika masalalari: ilg'or tajriba almashish va hamkorlik istiqbollari” mavzusida xalqaro o'quv seminari o'tkazildi.

Seminarda Lund Universiteti (Shvetsiya) huquq sotsiologiyasi kafedrasi katta ilmiy xodimi, huquq sotsiologiyasi hamda huquqbuzarliklarning oldini olish sohasi eksperti Rustam Urinboev, Akademiyaning professor-o'qituvchilari, Bosh prokuratura boshqarmalari xodimlari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, seminarda videokonferensaloqa orqali Manchester universiteti (Buyuk Britaniya) professori, Manchester universiteti huquq maktabi rahbari Kristofer Tornxill, Lund Universiteti huquq sotsiologiyasi kafedrasi katta o'qituvchisi, huquq kriminologiyasi falsafa doktori Izabel Shults, Lund Universiteti huquq sotsiologiyasi kafedrasi katta o'qituvchisi, Oslo Universiteti yuridik fakulteti kriminologiya sohasida falsafa doktori Ida Nafstad, Lund Universiteti o'qituvchisi Patrik Olsson ishtirok etdilar.

Seminar maqsadi - huquqbuzarlikning oldini olish va profilaktika sohasida eng yaxshi xalqaro amaliyotni o'rganish, qo'shma ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, normativ-huquqiy, uslubiy va tahliliy xarakterga ega bo'lgan axborot almashinuvini amalga oshirish.

Seminar jarayonida O'zbekistonning huquqbuzarlik profilaktikasi sohasida erishgan yutuqlari hamda hozirgi va kelajakdagi muammolar, zamonaviy kriminologiya masalalari va huquqbuzarlikning oldini olish amaliyoti, joylarda huquqbuzarlikning oldini olish sohasida innovatsiyalarni qo'llash amaliyoti masalalari muhokama qilindi.   Seminar konstruktiv va do'stona muhitda o'tdi. Tomonlar fikr almashib, kelgusida mazkur sohadagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishni tasdiqlab o'tdilar.