Akademiya tomonidan “Raqamli kriminalistika va kriptoaktivlar bilan ishlash asoslari” mavzusida prokuratura tergovchilari uchun malaka oshirish kursi o‘tkazildi.
Kurs davomida tinglovchilar raqamli dalillar bilan ishlash, olib qo‘yish, jinoyatlarning raqamli izlarini qayd etish va tahlil qilish tamoyillari bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Tinglovchilar zamonaviy bilim olishlari uchun kurs dasturidan xorijlik mutaxassislarning taqdimotlari ham o‘rin oldi. BIG Compliance Suite (Kanada) vakillari blokcheyn tarmog‘ida kriptoaktivlarni o‘tkazish izlarini qidirish uchun maxsus platforma bilan ishlash bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi. AQSH Maxfiy xizmati mutaxassisi kiberjinoyatlarni tergov qilishning zamonaviy vositalari va ochiq manbali razvedka usullari borasida taqdimot qildi.
Bundan tashqari, kriptoaktivlar bilan noqonuniy operatsiyalarni aniqlash usullarini o‘rgatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mutaxassislari tomonidan taqdimot va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, kursda raqamli kriminalistika asoslari, mobil, kompyuter va tarmoq kriminalistikasi haqida ma’lumotlar berildi. Mobil qurilmalarga ekspertiza tayinlash uchun maxsus vositalarni qo‘llash bo‘yicha misollar keltirildi, shuningdek OSINT usullariga alohida e’tibor qaratildi.
Dastur doirasida Toshkent shahar IIBB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining Raqamli kriminalistika laboratoriyasiga tashrif buyurildi.
Trening yakunida maxsus sertifikatlar topshirildi.