Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmog‘i (ARIN-WCA) Kotibiyatining Yevropaning CARIN tarmog‘i tomonidan Gaaga shahrida (Niderlandiya) tashkillashtirilgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmoqlarning (ARIN) kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillarining uchrashuvida ishtirok etdi.
Yevropolning shtab-kvartirasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda Yevropa (CARIN), Osiyo va Tinch okeani (ARIN-AP), Karib havzasi (ARIN-CARIB), Sharqiy Afrika (ARIN-EA), G‘arbiy Afrika (ARIN-WA), Janubiy Afrika (ARINSA), Lotin Amerikasi (RRAG), G‘arbiy va Markaziy Osiyo (ARIN-WCA) mintaqalarida hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan tarmoqlarning kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillari, Yevropol, Yevrokomissiya, FATF, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, GIZ fondi hamda AQSH Adliya departamenti ekspertlari qatnashishdi.
Tadbir ishtirokchilari aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmoqlarning o‘rni va ahamiyatini e’tirof etib, ushbu tarmoqlarning boshia tashkilotlar bilan, jumladan FATF shaklidagi regional tashkilotlar bilan hamkorligini kengaytirish uning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.
Uchrashuv doirasida ARIN-WCA nomidan, tarmoqda joriy yilda raislik qiluvchi davlat (Eron) hamda tarmoqning doimiy Kotibiyati (Huquqni muhofaza qilish akademiyasi) vakillari tomonidan ARIN-WCAning faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va istiqbolli rejalar yuzasidan taqdimot qilindi.
Tadbir ishtirokchilarida ARIN-WCA tomonidan tarmoqqa a’zo davlatlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini ta’minlovchi yagona so‘rovnoma namunasi katta qiziqish uyg‘otdi. ARIN tarmoqlari vakillari ARIN-WCAning ushbu ijobiy tajribasini o‘rganish va tarmoq doirasida ham ushbu namunani qo‘llash kerakligini taklif qilishdi.
Shunigdek, FATF – moliyaviy choralarni ishlab chiqish bo‘yicha maqsadli guruhi tomonidan ARIN tarmoq faoliyatiga qiziqish bildirilgani ma’ulm qilindi. Ishtirokchilar tomonidan mazkur hamkorlik ARIN faoliyatini yanada sifatli qilishga va joylardagi hukumatlar va vakolatli organlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga yordam berishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan kelgusida muhokama qilinadigan muhim masalalar belgilab olindi, faol hamkorlik qilish va ARIN doirasida aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklari bildirildi.