Prokuratura organlari xodimlari orasida “Tilini asragan elini asraydi” tanlovi bo‘lib o‘tdi

Prokuratura organlari xodimlari orasida “Tilini asragan elini asraydi” tanlovi bo‘lib o‘tdi

2023 yil 11-12 oktyabr kunlari Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura, Departament va Byuro organlari xodimlari o‘rtasida “Tilini asragan elini asraydi” mavzusidagi tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovning hududiy bosqichlarida prokuratura organlarining 100 dan ortiq xodimi qatnashib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar yakuniy bosqichda ishtirok etdilar.

Hududlardagi tanlov komissiyalari va yakuniy bosqichdagi Hay’at tarkibiga filolog, yozuvchi, shoirlar, adabiyotshunos olimlar, tizim faxriylari ham kiritilgan.

Birgina tizimli-tahliliy ish tanlovi bo‘yicha birinchi bosqichda 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilar yakuniy bosqichda og‘zaki suhbatda ishtirok etdilar. Tahliliy ishni yozishda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi holati va ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali usullari, davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish yo‘llari va choralari, davlat tilining nufuzi va obro‘sini yanada oshirish bo‘yicha taklif va mulohazalarga alohida e’tibor qaratish talab etildi. Og‘zaki suhbat Hay’at tomonidan ish mavzusi doirasida o‘tkazilib, tizimli-tahliliy ish tanlovining 1, 2 va 3-o‘rinlari g‘oliblari, shuningdek, “eng zo‘r tizimli tahlil”, “an’anaviy vaziyat va noan’anaviy yechim” nominatsiyalari sohiblari aniqlandi.

Savodxonlik tanlovining birinchi bosqichida nomzodlarning o‘zbek adabiy tili me’yorlari va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi doirasida test savollarini yechish natijalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Savodxonlik tanlovining yakuniy bosqichda ishtirokchilar tomonidan dolzarb mavzularda va mumtoz adabiyot asarlari asosida insho yozdilar va 1, 2 va 3-o‘rinlari g‘oliblari, shuningdek, “eng chiroyli husnixat” nominatsiyasi sohibi aniqlandi.

She’riyat tanlovining hududiy bosqichida g‘olib bo‘lgan nomzodlar yakuniy bosqichda nafaqat adabiyot va she’riyatning mukammal bilimdoni, balki muallif sifatida ham ishtirok etib, o‘zlari tanlagan she’riy matnni tanlov hay’ati a’zolari huzurida o‘qib eshittirdilar.