Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan “Moliyaviy xavfsizlik” bo‘yicha III-xalqaro olimpiadada Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mas’ulligida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro tarmoq instituti vakillari ishtirok etishdi.
Olimpiadaning final bosqichi 4 ta yo‘nalish (moliyaviy xavfsizlik, axborot xavfsizligi, yurisprudensiya va xalqaro munosabatlar) bo‘yicha o‘tkazilib, unda 19 ta davlatlardan jami 377 nafar talaba va Rossiyadan 109 nafar maktab o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Talabalarimizdan 5 nafari “Moliyaviy xavfsizlik”, “Xalqaro munosabatalar”, “Axborot xavfsizligi” yo‘nalishlarida I va II darajali diplomlarni qo‘lga kiritganligi O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasining muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minladi.
Bundan tashqari, talabalarimiz olimpiada dasturi doirasida o‘tkazilgan trening, master-klasslarda faol ishtirok etishib, 4 nafari “eng yaxshi to‘g‘ri javob”, “eng faol ishtirokchi”, “eng ko‘p to‘g‘ri javoblar” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Xususan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabasi Z.Abdullayeva “Kiberxavfsizlik: kasbiy faoliyat xavfi” mavzusida o‘tkazilgan treningda “eng faol ishtirokchi” nominatsiyasida g‘olib deb topilib, qimmatbaho sovg‘a (planshet) bilan taqdirlandi.
Olimpiada doirasida o‘tkazilgan fijital futbol musobaqasida J.Razmuhamedov (TATU) g‘olib bo‘lib, 2024 yilning 21 fevral – 3 mart kunlari Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Olimpiadada ishtirokchilar uchun 60 dan ortiq ta’lim, sport va madaniy tadbirlar, xususan, 15 ta praktikum, 40 ga yaqin master-klass, trening va muhokamalar tashkil etilib, ushbu jarayonga 300 nafarga yaqin ekspertlar jalb etildi.
Davlatlar miqyosida (19 davlat) Olimpiada tadbirlari natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari jamoaviy hisobda faxrli 2-o‘rinni egallashdi.