Joriy yilning 23 oktyabr kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasida YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda “Raqamli kriminalistika: muammolar va istiqbollar” mavzusida seminar-trening boshlandi.
Seminar-treningni Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining milliy maslahatchisi L.Maqsudova kirish so‘zi bilan ochib berishdi.
Seminar-treningdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tergovchilarining axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni raqamli dalillar va zamonaviy raqamli kriminalistika vositalaridan foydalangan holda tergov qilish borasida salohiyatini oshirishdan iborat.
Ushbu seminar Moldova, Portugaliya, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreyanlik xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘tkazilmoqda.
Besh kunlik seminar-trening dasturi ochiq manbalar (OSINT)ga asoslangan tergov; voyaga yetmaganlarni so‘roq qilishni joriy etishning kriminalistik taktikasi asoslari va OCSEA tergovida foydalaniladigan texnologiyalar; internet tarmog‘ining yashirin segmenti “Darknet”ga kirish; jinoiy maqsadlarda foydalaniladigan kriptovalyuta operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish tartibi va boshqa dolzarb masalalarni o‘z ichiga olgan.
Ishtirokchilar, shuningdek, internet orqali sodir etiladigan iqtisodiy jinoyatlarning zamonaviy usullari, shuningdek, raqamli dalillarni, kompyuterlar va mobil qurilmalarni tekshirishning ilg‘or usullarini o‘rganish, ma’lumotlar bazalaridan raqamli dalillarni tekshirish va yig‘ish xususiyatlari va mobil qurilmalar kriminalistikasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Seminar-trening joriy yil 27 oktyabr kuni yakunlanadi.