Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tuman (shahar) va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning yordamchilari uchun “Sudlarda ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar ko‘rilishida mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash masalalari” mavzusida malaka oshirish kursi o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘ulotlari masofaviy va an’anaviy shaklda bo‘lib, dars jarayonlarining to‘qqiz xaftasi ishdan ajralmagan holda onlayn tarzda, qolgan bir haftasi ishdan ajralgan holda an’anaviy tarzda o‘tkazildi.
Bunda tinglovchilar ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda qonunchilik talablariga rioya etilishi, mazkur sudlarda mulk huquqi dahlsizligiga oid ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari, bu borada prokurorlar zimmasiga yuklatilgan vazifalar, prokuror tomonidan tayyorlanadigan protsessual hujjatlarni asoslantirish haqidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishga qaratilgan tegishli o‘quv kontenti asosida mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.
Tinglovchilarning malaka oshirish kursi davomida o‘zlashtirgan bilimlari sinovdan o‘tkazilib, natijalari bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.