“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimizda kuzgi daraxt ekish mavsumida ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal suratlar bilan amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayonda prokuratura organlari, shu jumladan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari ham faol ishtirok etib, yashil maydonlarni kengaytirishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
2023 yil 24 noyabr kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Akademiya hududida mevali va manzarali daraxtlar ekish ishlari olib borildi.
Daraxtlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Ekilgan ko‘chatlar muntazam ravishda agrotexnik talablar asosida parvarish qilinib, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi va zararkunandalardan himoya qilib boriladi.
Ahamiyatlisi, shu kuni ko‘kalamzorlashtirish ishlari Akademiya yaqinida joylashgan “Sobirobod” MFY hududida ham davom ettirilib, o‘nlab mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Akademiya xodimlari tomonidan mazkur dastur doirasidagi ishlar muntazam amalga oshirib boriladi.