Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy maktabi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona va Namangan viloyatlarida prokuratura, ichki ishlar organlarining xodimlari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar ishtirokida sud-tergov faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar doirasida manzilli seminar o‘tkazildi.
Seminarda jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv va tergov harakatlarini o‘tkazish hamda dalillar maqbulligini ta’minlashda qonuniylikka rioya etish masalalari amaliy misollar asosida muhokama etildi.
Shuningdek, JPKning 416-417-moddadalari tartibida jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarishga sabab bo‘layotgan omillar, muayyan toifadagi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, shartli hukm qilingan voyaga yetmaganlarga nisbatan jamoat tarbiyachilarini tayinlash, jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish va hukm chiqarishda qonunning orqaga qaytish kuchi va shu kabi boshqa bir qator masalalar muhokama etildi.
Seminar ishtirokchilari sud-tergov faoliyatida qonunlarni qo‘llashda yagona yondashuvni ta’minlash maqsadida hamkorlikni muntazam amalga oshirishning ahamiyati haqida to‘xtalib, amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni birgalikda hal etilishiga imkon beruvchi muloqot maydonchasini yaratishni taklif etdilar.