Turkiy huquq tarixiga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumda ishtirok etildi

Turkiy huquq tarixiga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumda ishtirok etildi

Akademiya vakillari Turkiya Respublikasining Anqara shahrida turk huquqi tarixiga bag‘ishlangan simpoziumda ishtirok ettilar.

Simpozium doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya respublikalarining taniqli olimlari, tarixchilar, siyosatshunoslar, huquqshunos o‘qituvchilari hamda davlat tashkiloti vaikllari ishtirok etdi.

 Turkiy davlat tashkiloti (TDT) Kotibiyatining Turkiya Adliya akademiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad turkiy davlatlar va xalqlari o‘rtasida umumiy huquqiy makonni rivojlantirish, samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida muloqot maydonini kengaytirish,  tajriba almashish hamda turkiy davlatlarning o‘zaro yaqinlashuvini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. 

Simpozium turk huquqi tarixini, uning tarixiy, madaniy, ma’naviy meroslarini chuqur o‘rganish, tahlil etish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va kelajakda uni yanada boyitishga zamin yaratdi. Shuningdek, tadbirda milliy huquqiy tizimning turk huquqi tarixida va xalqaro huquq doirasida tutgan o‘rni, milliy davlatchilikni rivojlantirishda huquqshunos olimlar, davlat arboblarining roli, turk huquq tarixining voqealiklari tarixiy va zamonaviy misollar orqali tahlil etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Sh.I.Shayzakov simpoziumning “Turkiy-huquqiy tarixni shakllantiruvchi davlat arbobi” yo‘nalishida “Xorazmshohlar sulolasining turkiy davlat siyosiy huquqiy munosabatlar tizimi taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusida hamda M.M.Mamasiddiqov “Turkiy-huquqiy tarixni shakllantiruvchi huquqshunos olim” yo‘nalishida “Movaraunnahrda turk huquq tarixini rivojlantirgan olimlar: Burhoniddin Marg‘inoniy misolida” mavzusida ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi a’zo bo‘lgan Turkiy sud-huquq ta’limi tarmog‘i ishtirokchilari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, yuridik kadrlarni tayyorlash, o‘zaro tadqiqotlar o‘tkazish sohasida kelishuvlarga erishildi.