Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining faoliyati bilan yaqindan tanishuv

Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining faoliyati bilan yaqindan tanishuv

Turk huquqi tarixiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Anqara shahrida 2020 yil 22 fevral kuni tantanali ravishda ochilgan Xalq kutubxonasi 125 ming kv. metr maydonga ega bo‘lib, 5 ming kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi.

Kutubxona fondida 4 mln. donadan ortiq kitob va bosma materiallar, Usmonlilar arxividan 45 mln. hujjat, Turkiya qo‘lyozmalar uyushmasidan 300 ming qo‘lyozma, Milliy akademik tarmoq va axborot markazidan 550 ming elektron kitob, Prezidentlikka tegishli 46 ta ma’lumotlar bazasi, 6.5 mln. elektron tezis, 120 mln. maqola, 60 ming elektron hujjat mavjud.

Kutubxonaning Dunyo kitoblari bo‘limiga O‘zbekistonda topilgan hamda chop etilgan nodir kitoblar ham joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiya vakillari kutubxona fondi bilan yaqindan tanishib, kutubxona uchun o‘z tuhfalarini taqdim etdi.