Akademiya o‘z faoliyatini ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida yuritib, OAV va keng jamoatchilik bilan aloqalarni doimiy mustahkamlab keladi. Akademiya tuzilmasida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi faoliyat yuritib kelmoqda, Akademiya faoliyatiga doir ma’lumotlar Akademiya rasmiy veb-sayti Rroacademy.uz, shuningdek ko‘p ming sonli obunachilariga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar hamda messendjerlardagi yangiliklar kanali va sahifalari orqali muntazam e’lon qilib boriladi.
Sohada faoliyat yuritayotgan tashkilot va muassasalar bilan, xususan matbuot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va ularga metodik ko‘mak beruvchi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda.
12 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat organlari va tashkilotlar axborot xizmatlari rahbarlari uchun O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Suma Chakrabartining aloqa bo‘yicha maslahatchisi Jonatan Charlz ishtirokida "Inqirozli vaziyatlardagi kommunikatsiya" yuzasidan navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda har bir soha faoliyatida uchrashi muqarrar bo‘lgan inqirozli vaziyatlardagi kommunikatsiyani oldindan rejalashtirish, maqsad va vazifalar konsepsiyasini ishlab chiqish, bunday holatlarda matbuot kotibi e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan eng asosiy jihatlar misollar bilan ochib berildi.
Trening davomida matbuot kotiblariga turli shakldagi inqirozli vaziyatlarda kommunikatsiya tashkil etish va muammoni bartaraf qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi va natijalar baholandi.
Tadbir yakunida Agentlikda tashkil etilgan attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan matbuot xizmati rahbarlariga guvohnomalar topshirildi.