Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida “Jadidlar – ma’rifatparvarlik va vatanparvarlik timsoli” shiori asosida o‘ziga xos tadbir o‘tkazildi. Ushbu anjuman prokuratura organlarida va Huquqni muhofaza qilish akademiyasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning davomi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, Akademiya rahbariyati va xodimlari, jadidshunos tarixchi olimlar, galereya mas’ullari va 100 nafardan ortiq talaba ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga jadidchilik harakatining yirik namoyandalari Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Bexbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov kabi buyuk shaxslarning milliy ta’lim va tarbiya tizimini shakllantirishdagi, shuningdek, jamiyatimizni ma’rifatli va zamonaviy yo‘nalishlarga boshlashdagi benazir hissalari ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir mamlakatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan “Prokuratura organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi”ga asoslangan holda, prokuratura organlari xodimlari va akademiya talabalarining dunyoqarashi, siyosiy ongi hamda ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgani alohida qayd etildi.
Anjuman ishtirokchilari shuningdek, Turkistondagi jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan “Xotira yo‘lagi” ko‘rgazmasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ushbu ko‘rgazma milliy o‘zlikni chuqur anglash, o‘tmishdan saboq olish va bugungi kunimizga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan ilhomlarni topish uchun bebaho imkoniyat yaratdi.
Bu tadbir, o‘zbek jamiyatining ma’rifiy va vatanparvarlik qadriyatlariga bo‘lgan chuqur hurmatini namoyon etuvchi va kelajak avlodlarni ulug‘ ajdodlarimizning merosi bilan yaqindan tanishtiruvchi muhim qadam bo‘ldi.