Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Ilm-fan va ilmiy faoliyatda korrupsiya va byurokratiya: muammo va uning yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Fanlar akademiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Davlat va huquq instituti, Sudyalar oliy maktabi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universitetining professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda korrupsiya holatini oldini olish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha dolzarb masalalar, akademik halollik kabi chiqishlar bilan fikr almashishdi.
Qayd etish o‘rinliki, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2020 yildan buyon respublika va dunyoda yagona bo‘lgan “12.00.12 – Korrupsiya muammolari (yuridik fanlar)” ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyat yuritadi.
Hozirda mazkur ixtisoslik bo‘yicha jami 40 dan ziyod (PhD va DSc) tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar ilmiy tadqiqotlarni olib bormoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb mavzulari bo‘yicha 10 ga yaqin himoyalar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, Akademiyada ilmiy izlanish olib borilayotgan jami tadqiqotlarning to‘rtdan bir qismi yoki 28 foizi bevosita korrupsiya va uning muammolari bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan. Masalan boshqa ixtisosliklar (12.00.07, 12.00.08 va 12.00.09) bo‘yicha ham 30 nafarga yaqin tadqiqotchilar turli soha va yo‘nalishlardagi korrupsiyaning oldini olish mavzularida ilmiy yangiliklarni tadqiq qilmoqda.
Tadbir natijalari bo‘yicha ishtirokchilar ilm-fan va ilmiy faoliyatda mavjud korrupsiya va byurokratik muammolarini batafsil muhokama qilib, ularni bartaraf qilishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflarni ilgari surishdi.
Davra suhbati yakunlari bo‘yicha qayd etilgan muammolarga bag‘ishlab ilmiy maqolalar to‘plami nashr etilishi rejalashtirilmoqda.