Yaponiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik

Yaponiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Yaponiya Adliya vazirligi hamda oliy ta’lim muassaslari bilan huquq sohasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Yaponiya davlatiga ishchi tashrifini amalga oshirdilar.

Tashrif doirasida Yaponiya oliy ta’lim muassasalari vakillari, Yaponiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, shuningdek O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi xodimlari balan uchrashuvlar tashkil etildi.

Uchrashuvlar davomida yuqori malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlash qamrovini oshirish, yurisprudensiya va huquqni muhofaza qilish sohasiga oid yangi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek Nagoya iqtisodiyot universiteti, Doshisha, Osaka va Tsukuba universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Nagoya iqtisodiyot universiteti (Nagoya Economic University) Prezidenti Xaruo Saburi bilan uchrashuv jarayonida Universitetda mamlakatimiz yuridik oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Kioto shahrining Doshisha universiteti (Doshisha University) xalqaro aloqalar va huquq markazi vakillari bilan uchrashuv doirasida mazkur markaz bilan o‘quv adabiyotlari almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni tashkil etish, qo‘shma darslik va ilmiy maqolalar chop etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Top Global University loyihasida eng yaxshi universitetlar ro‘yxatiga hamda Yaponiyaning eng yaxshi uchta davlat universitetlari qatoriga kiruvchi Osaka universitetida (Osaka University) Huquq fakulteti rahbariyatibilan, shuningdek Osaka universitetida tahsil olayotgan yurtimiz talabalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Tashrif davomida shuningdek Top Global University Project doirasida eng yaxshi to‘qqizta milliy oliy o‘quv yurtlaridan biri sifatida tanlangan Tsukuba universitetida (University of Tsukuba) mazkur universitet rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro almashinuv dasturini joriy qilish, huquq sohasiga oid ilmiy ishlar olib borish hamda boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Nagoya universiteti, Osaka universiteti, Doshisha universiteti qoshidagi Xalqaro aloqalar va huquq markazi, Tsukuba universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borishga kelishib olindi.