Jinoyat ishlari bo‘yicha qidiruv faoliyatining kriminalistik va protsessual jihatlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada eshtirok etildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha qidiruv faoliyatining kriminalistik va protsessual jihatlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada eshtirok etildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg akademiyasi tomonidan “Jinoyat ishlari bo‘yicha qidiruv faoliyatining kriminalistik va protsessual jihatlari” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada onlayn tarzda ishtirok etishdi.

Konferensiya ishida Belarus Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va O‘zbekistonning ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari va tadqiqotchilari, tinglovchilari hamda huquq-tartibot idoralari xodimlari qatnashishdi.

Tadbir ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari U.U. Nigmadjanov o‘zining tabrik so‘zi bilan ishtirok etib, konferensiya mavzusining bugungi kundagi dolzarbligini ta’kidlab, jinoyat ishlari bo‘yicha qidiruv faoliyatida ilm-fan hamda amaliyotning o‘zaro uzviy bog‘liqligining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Konferensiya davomida ishtirokchilar tomonidan qidiruv faoliyatining huquqiy asoslari, subyektlari va obyektlari, qidiruv bo‘yicha tergov va boshqa protsessual harakatlar taktikasi, tergovchining dastlabki tergov paytida va uni to‘xtatib qo‘ygandan keyin qidiruv faoliyati algoritmlari, tergovchi va huquq-tartibot idoralarining o‘zaro hamkorligi jihatlari, shuningdek tezkor-qidiruv jarayonida AKT, internet-resurslari va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish imkoniyatlari va boshqa masalalar muhokama qilindi.