O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘z faoliyatini ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslanib amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi prokuratura hamda surishtiruv va tergov faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega davlat organlari uchun malakali kadrlar tayyorlashga mas’ul yagona ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Ya’ni, kelgusida prokuratura va tergov sohalarida ishlash maqsadida yurgan yoshlar bunday imkoniyatga faqatgina Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tahsil olib erishishlari mumkin.
Akademiyada tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha to‘laqonli o‘quv jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni kunlarda Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2024/2025 o‘quv yili uchun “Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha ta’limning kunduzgi shakli uchun magistraturaga qabul jarayonlari boshlangan.
Shu munosabat bilan, 2024 yil 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida navbatdagi ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga Toshkent shahri maktablari, yuridik oliy ta’lim yurtlari bitiruvchilari, ota-onalar, shuningdek OAV vakillari tashrif buyurdilar.
Mehmonlarni Akademiya rahbariyati va xodimlari, Bosh prokuratura vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari faxriylari qarshi oldilar.
Ishtirokchilar Akademiya bakalavriati va magistraturasiga qabul va o‘quv jarayonini tashkil etishning o‘ziga xosligi va afzalliklari bilan yaqindan tanishdilar.
Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
Muhimi, Akademiya bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko‘zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi.
Tergov va prokuratura sohasi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida mehmonlar uchun Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ekskursiya tashkil etildi.
Tadbir davomida Akademiyaning maxsus poligonida ishtirokchilar tergov-kriminalistika taktikalari va metodikalarini amaliy qo‘llash imitatsiyasida, shuningdek voqea joyini ko‘zdan kechirish va jinoyatni ochishga oid qiziqarli kvest musobaqasida ishtirok etishdi.
Shu bilan birga, ekskursiya davomida mehmonlar kriminalistika xonasi, sud imitatsiyasi xonasi, ekspertiza laboratoriyasi va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalarni ko‘zdan kechirdilar.
Harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi mashg‘ulotlar, saf tayyorgarligi mashqlari yoshlarda hayajon va qiziqish uyg‘otdi.
Respublikamizda birinchi bo‘lib tashkil etilgan Akademiya DarkWeb kiberlaboratoriyasi, tergov jarayonlarida poligraf (detektor) texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek mobil kriminalistik avtolaboratoriya imkoniyatlari imkoniyatlari yoshlarda ayniqsa katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu vaqtning o‘zida o‘qishga talabgorlar uchun konsultatsiyalar tashkil etildi.
Bilimga chanqoq yoshlar va kattalar uchun Akademiyada tashkil etilgan kitob yarmarkasi katta ahamiyat kasb etishi tabiiy.
Akademiyada ochiq eshiklar kuni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib bo‘ldi, bunday tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinadi.
Akademiya matbuot xizmati
Tel.: 71-202-04-96 (1737)