YUNЕSKO bilan hamkorlikda axborot olish va so‘z erkinligi masalalari bo‘yicha trening tashkil etildi

YUNЕSKO bilan hamkorlikda axborot olish va so‘z erkinligi masalalari bo‘yicha trening tashkil etildi

 

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida YUNЕSKO tomonidan so‘z erkinligi va axborot olish erkinligi va kafolatlari, jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Ikki hafta davom etgan tadbir Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) va YUNЕSKOning Jurnalistlar xavfsizligi bo‘yicha donorlik dasturi (MDP) tomonidan moliyalashtirilgan “Axborotdan foydalanish, institutsional javobgarlik va ommaviy axborot vositalari kompetensiyasini kuchaytirish orqali O‘zbekiston hukumati va fuqarolarining imkoniyatlarini kengaytirish” dasturi doirasida tashkil etildi. Dastur fuqarolarning axborotdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, institutsional mas’uliyatni kuchaytirish va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan.

So‘z erkinligi, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari xabardorligini oshirish hamda salohiyatini mustahkamlash muhim hisoblanadi. Tashkil etilgan seminar YUNЕSKO tomonidan amalga oshirilayotgan katta tashabbusning bir qismi hisoblanadi.

Trening jurnalistik faoliyatni muhofaza qilish hamda so‘z va axborot olish erkinligini ta’minlash sohasida katta ish tajribasiga ega bo‘lgan xalqaro ekspert Sabin Oullet (Kanada) tomonidan o‘tkazildi. Tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchilari, prokuratura va Majburiy ijro byurosi vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida so‘z erkinligining asosiy tamoyillari, xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etishning mexanizmlari, ochiq ma’lumotlarga ega bo‘lish, ommaviy axborot vositalarining yaxlitligi va jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash kabi dolzarb mavzular bo‘yicha ishtirokchilarning bilim va salohiyatlari oshirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.