“Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash: milliy va xorijiy qonunchilik tahlili” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

“Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash: milliy va xorijiy qonunchilik tahlili” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash: milliy va xorijiy qonunchilik tahlili” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, mustaqil izlanuvchilari va tayanch doktorantlari, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Kriminologiya tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti vakillari ishtirok etishdi.

Davra suhbatining asosiy maqsadi Akademiyaning ilmiy va tahliliy faoliyati doirasida o‘tkazilgan tadqiqot va o‘rganishlar natijalarini taqdim qilish, tajribali hamda yosh olimlar, tadqiqotchilar, amaliyotchi ekspertlar ishtirokida oilaviy zo‘ravonlik, ayollarga qarshi jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga xizmat qiladigan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadqiqotlar vektorini aniq belgilab olishdan iborat.

Tadbirda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar yurtimizda mazkur sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan izchil islohotlar borasida so‘z yuritish barobarida ayollarga nisbatan oiladagi zo‘ravonlik sabablari va ijtimoiy zararliligi, oiladagi zo‘ravonlikning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari, shaxsning shakllanishi va oilaviy zo‘ravonlik prevensiyasi, jamiyat tomonidan oilaviy zo‘ravonlik muammosining idrok etilishi va boshqa dolzarb masalalar fanlararo yondashuv asosida muhokama va tahlil qilindi.

Davra suhbati yakunida soha ekspertlari va tadqiqotchilar tomonidan oiladagi zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan dolzarb mavzular va amaliy tadqiqot ishlarini davom ettirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilab olindi.