Joylarda “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘inlari davom etmoqda

Joylarda “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘inlari davom etmoqda

 

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratish yurtimizda yoshlarga oid siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan joylarda yoshlar bilan tizimli ishlash doirasida hududiy prokuratura organlari bilan hamkorlikda “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘inlari tashkil etib kelinmoqda.

Mazkur o‘quv yig‘inlari maxsus dastur asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar kompleksi hamda yoshlarning muammolarini o‘rganish nazarda tutilgan.

Navbatdagi o‘quv yig‘inlar Toshkent shahrining Bektemir tumanida 175 nafar yoshlar, shu jumladan 88 nafar xotin-qizlar ishtirokida o‘tkazildi.

O‘quv yig‘ini dasturi yoshlarni psixologik ta’minlash, kasbga yo‘naltirish, bandlikka ko‘maklashish, huquqiy bilimlar berish, vatanparvarlik, Vatan taqdiriga daxldorlik, o‘z yurtiga va xalqiga muhabbat tuyg‘ularini singdirish, oila, farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik kabi fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan muhim maqsadlarni qamrab olgan.

Mashg‘ulotlar nafaqat Akademiyaning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan, balki mamlakatimizda tanilgan psixologlar, pedagoglar, yuristlar va murabbiylar, xalqaro tashkilotlarning, xususan UNICEF ekspertlari va volontyorlari tomonidan interaktiv metodlarni qo‘llagan holda o‘tkazildi.