O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 iyun kuni imzolangan “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-228-sonli qarori aynan ushbu dolzarb masalani hal qilishga qaratilgan.
Prezident qaroriga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan 2025 yil 1 yanvardan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi va uning mobil ilovasini ishga tushiradi.
Akademiyaning ushbu tizim doirasida:
Virtual akademiyaning uzluksiz ishlashini, o‘quv kontenti va materiallari bilan muntazam to‘ldirilishi va yangilab borilishini ta’minlaydi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘quv jarayonini tashkil etadi, shu jumladan o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi, o‘quv kurslari haqidagi ma’lumotlarni Virtual akademiyada joylashtiradi;
tinglovchilarning bilimlarni o‘zlashtirishi natijalari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, o‘quv kurslarini tamomlagan shaxslarning reyestrini yuritadi;
o‘quv jarayoniga davlat organlari va tashkilotlarining, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining malakali mutaxassislarini, shu jumladan xorijiy ekspertlarni jalb qiladi.
Virtual akademiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitish bazaviy hamda maxsus o‘quv kurslari asosida:
aholi, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari;
ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari;
davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari;
davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlari kabi kontingent uchun olib boriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari o‘z xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini muntazam oshirib borishlarini ta’minlab boradi.
Bunda, bazaviy o‘quv kurslarida o‘qitish bepul, maxsus o‘quv kurslari to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi (malaka oshirish xarajatlari davlat organi yoki tashkilotiga ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hamda boshqa manbalar hisobidan qoplanadi).
Davlat xizmatchilari maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirishi majburiy bo‘lib, ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida, keyinchalik har uch yilda kamida bir marta malaka oshiradi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosida olib boriladi.
Maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Shuningdek, Akademiya tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, milliy va xorijiy tajriba, ilmiy, uslubiy va amaliy ishlanmalar hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini mualliflik huquqlariga rioya qilgan holda Virtual akademiyada yuritadi.
Bundan tashqari, ta’lim oluvchilar uchun Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (GRACE) dasturi doirasida sifatli multiplikatsion film, videolavha va audiomateriallarni yaratilib, Virtual platforma orqali foydalanuvchilarga yetkazib boriladi.