Yunusobod tumanida “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘ini

Yunusobod tumanida “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘ini

 

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan xotin-qizlar uchun maxsus ishlangan dastur asosida tashkil etilgan “Vatanning sodiq yoshlari” mavzusidagi o‘quv yig‘ini joylarda davom etmoqda.

Mazkur o‘quv yig‘ini doirasida poytaxtning barcha tumanlaridan

1 ming 500 nafardan ortiq yosh xotin-qizlarning qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Navbatdagi o‘quv yig‘ini Yunusobod tumanida tashkil etilib, unda Toshkent shahrining Yunusobod va Shayxontohur tumanlaridan 100 nafarga yaqin xotin-qizlar ishtirok etishdi.

O‘quv yig‘ini dasturi yoshlarni psixologik ta’minlash, kasbga yo‘naltirish, bandlikka ko‘maklashish, huquqiy bilimlar berish, vatanparvarlik, Vatan taqdiriga daxldorlik, o‘z yurtiga va xalqiga muhabbat tuyg‘ularini singdirish, oila, farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik kabi fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan muhim maqsadlarni qamrab olgan.

Mashg‘ulotlar nafaqat Akademiyaning malakali mutaxassislari tomonidan, balki respublikamizda tanilgan psixologlar, pedagoglar, yuristlar va murabbiylar tomonidan interaktiv metodlarni qo‘llagan holda o‘tkazilmoqda. Bu o‘z navbatida kursning natijadorligiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

O‘quv yig‘inida ishtirokchilarga yurtimizda yoshlar uchun kasb egallash, bilim olish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, xorijiy tillarni o‘rganish va boshqa yo‘nalishlarda davlatimiz tomonidan beriladigan imtiyozlar va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi.

O‘quv yig‘ini doirasida shuningdek har bir ishtirokchi xotin-qizning muammolari anketa-so‘rovnoma asosida alohida o‘rganilib, ularni hal etishda ko‘maklashish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda.

O‘quv yig‘inlari poytaxtning barcha tumanlarida davom ettiriladi.