Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan “Kiber jinoyatlarga qarshi kurashish” bo‘yicha xalqaro treningda ishtirok etildi

Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan “Kiber jinoyatlarga qarshi kurashish” bo‘yicha xalqaro treningda ishtirok etildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari va magistratura tinglovchilaridan iborat delegatsiya Turkiya Adliya akademiyasi bilan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga asosan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlab Turkiyaning Anqara shahrida tashkil etilgan xalqaro treningda ishtirok etdi.

Xalqaro trening ochilish marosimida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko ma’ruza qilib, ikkala o‘quv muassasasi o‘rtasidagi bugungi kundagi o‘zaro hamkorlik aloqalari, qo‘shma ilmiy tadbirlar va loyihalar, kelgusi rejalarga to‘xtalib o‘tib, trening mavzusining delegatsiya a’zolari uchun dolzarbligiga alohida urg‘u berdi va kiberjinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish yo‘nalishida kadrlar salohiyatini yuksaltirish borasida Akademiya tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir dasturi asosida Turkiya Oliy kassatsiya sudi sudyasi, doktor Sadjit Yilmaz, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti huquq fakulteti ilmiy xodimi, doktor Burak Boz, Konstitutsiyaviy sudi sudyasi doktor Xabib O‘z tomonidan “BMTning mexanizmlari va hujjatlari nuqtayi nazaridan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish”, “Yevropa Kengashi doirasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish”, “Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining kiberjinoyatlar bo‘yicha qarori” mavzulari bo‘yicha taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Ma’ruzachilar bugungi raqamli dunyoda kiberxavfsizlik muhim masalaga aylanganligi, BMT, Yevropa kengashi tomonidan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilingan hujjatlar, kiberjinoyatchilik bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbir doirasida shuningdek delegatsiyaning Turkiya Adliya vazirligi, Oliy kassatsiya sudi, Konstitutsiyaviy sudi, Sudya va prokurorlar kengashiga tashriflari amalga oshirilib, uchrashuvlar o‘tkazildi, ushbu tashkilotlarning kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati va tajribalari o‘rganildi.

Trening yakunida Turkiya Adliya akademiyasi tomonidan tadbir ishtirokchilariga tegishli sertifikatlar taqdim etildi.