O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasining “Prokurorlik faoliyati” (kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllariga), “Korrupsiyaga qarshi kurashish” hamda “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisliklari bo‘yicha joriy yilning 31 iyuliga qadar qabul davom etishi ma’lum qilinadi.
Xususan, ushbu mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim jarayoni bevosita bugungi kundagi huquqni qo‘llash amaliyotini nazariya bilan o‘zviy bog‘liqligini ta’minlagan holda amalga oshirilib, namunali tinglovchilarni xorijiy mamlakatlarga qisqa muddatli stajirovka o‘tash uchun yuborish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, magistratura mutaxassisliklarini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilar kelgusida prokuratura organlariga xizmatga qabul qilinishi mumkin.
Mazkur magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlovda quyidagi shaxslar ishtirok etishi mumkin:
- «Yurisprudensiya» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega shaxslar;
- boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumot va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari.
O‘qish ta’limning kunduzgi shaklida bir yil, sirtqi shaklida esa bir yarim yildan ikki yilgacha davom etadi.
Magistraturaga o‘qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarining egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davri mobaynida saqlab qolinadi.
Hujjatlar Oliy ta’lim, fan va Innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining “mydtm.uz” elektron platformasi (www.my.uzbmb.uz) orqali taqdim etiladi.
Tanlovda ishtirok etuvchi nomzodlarning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.
Chet tilidan sertifikatga ega bo‘lmagan ichki nomzodlar uchun Agentlik tomonidan avgust oyida test o‘tkaziladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: http://lex.uz/uz/docs/6425532.
Akademiya magistraturasiga kirish imtihonlari bilan bog‘liq yangiliklar Akademiyaning rasmiy veb-sayti (www.proacademy.uz) va quyidagi ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari:
www.facebook.com/ProsecutorAcademy ,
www.instagram.com/proacademyuz/,
www.twitter.com/ProAcademyUz ,
www.youtube.com/@user-bh7zw2wp9o
https://t.me/TheLawEnforcementAcademy hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanishib borish mumkin.
Shuningdek, magistraturaga qabul jarayonlari bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’lumotlarni quyidagi telefon raqamlar: 71-202-04-96 (ichki: 1716 va 1795) orqali ham bilib olish mumkin.