Akademiya delegatsiyasi Koreya Respublikasi Milliy kriminalistika xizmatiga tashrif buyurdi

Akademiya delegatsiyasi Koreya Respublikasi Milliy kriminalistika xizmatiga tashrif buyurdi

 

Raqamli kriminalistika sohasidagi ilg‘or tajribani o‘rganish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Raqamli kriminalistika sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ–229-son Qarorida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi huzuridagi Milliy kriminalistika xizmatiga tashrif buyurdi. Delegatsiyani Koreya Respublikasi kriminalistika xizmati direktori o‘rinbosari janob Shi Kyu Sun kutib oldi.

Tashrif davomida Akademiya vakillari raqamli kriminalistika vazifalarini hal qilish uchun xizmatda qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar va resurslar bilan tanishdilar. Raqamli dalillarni tahlil qilish, buzilgan ma’lumotlarni tiklash, zararli dasturiy ta’minotni o‘rganish, shuningdek foto- video materiallar va mobil qurilmalar bilan ishlash kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Zamonaviy kriminalistik tadqiqotlarda dolzarb vazifa bo‘lgan rasm va video materiallarda yuzlarni identifikatsiya qilish texnologiyalari o‘rganildi. Olingan bilim va ko‘nikmalar bosqichma-bosqich amaliy faoliyatga joriy etiladi hamda Akademiya mutaxassislarining malakasini oshirish va ushbu sohadagi ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish uchun foydalaniladi.

Trening davomida samarali tajriba almashinuvi bo‘lib o‘tdi, koreys hamkorlar bilan kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xizmat xodimlari va O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasida hamkorlik munosabatlari o‘rnatildi, bu esa xalqaro aloqalarni mustahkamlash va mamlakatning kriminalistik tadqiqotlar sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Bu ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va raqamli tergov samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, Koreya Respublikasiga tashrif doirasida delegatsiya tomonidan Seul shahri politsiya agentligining raqamli kriminalistika departamenti, shuningdek Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Ilmiy kibertergov bo‘limiga tashrif buyurildi. Tanishuv uchrashuvlari davomida ekspertlar raqamli kriminalistik tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashdilar, shuningdek delegatsiya kasbiy faoliyatda qo‘llaniladigan zamonaviy dasturiy va apparat-dasturiy vositalar bilan tanishtirildi.