Akademiyada Bosh prokuror tomonidan o‘quv jarayonini prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga oid belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Ixtisoslashtirilgan prokurorlar korpusining tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlari yordamchilari uchun “Yuqori instansiya sudlarida jinoyat ishlarini ko‘rilishida prokuror vakolatini ta’minlash masalalari” mavzusida malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Mazkur malaka oshirish kursi aralash ta’lim shaklida tashkil etilgan bo‘lib, unga ko‘ra zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda masofaviy ta’lim va auditoriya mashg‘ulotlari nazarda tutilgan.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari sharoitida amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar, sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishining zarurati, sud qarorlarining ijrosi bilan bog‘liq amaliyotda mavjud bo‘lgan muammolar qonun talablari va sud-prokuror amaliyoti materiallarining tahlili asosida yoritiladi.
Kurs dasturining masofaviy qismida tinglovchilar Akademiya portaliga joylashtirilgan o‘quv materiallarini mustaqil o‘rganib, natijalari elektron tarzda baholanadigan amaliy topshiriqlarni bajaradilar. Akademiyaning tegishli professor-o‘qituvchilari tinglovchilar bilan muntazam sinxron uchrashgan holda mustaqil o‘rganilgan o‘quv materiallari bo‘yicha suhbatlar o‘tkazadilar hamda mustaqil o‘rganish natijalarini tahlil qilib boradilar.
O‘quv kursining avvalida tinglovchilariga sud-prokuror amaliyotidagi dolzarb masalalar taqsimlangan holda mustaqil o‘rganishlar o‘tkazish va kurs natijalari bo‘yicha laboratoriya ishi doirasida taqdimot himoyasiga tayyorlanish vazifasi qo‘yildi.