Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan huquqni muhofaza qilish faoliyatini psixologik ta’minlash, prokuratura organlari xodimlari va Akademiya tinglovchilarini axloqiy-ruhiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida psixodiagnostika, psixoprofilaktika va psixokorreksiya yo‘nalishlarida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Akademiyaning kasbiy psixologiya va boshqaruv faoliyati kafedrasi moddiy-texnik va metodologik bazasi izchil takomillashtirib borilmoqda. Xususan, Akademiya faoliyatiga zamonaviy psixofiziologik uskunalar – Amerika qo‘shma shtatlari va Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqilgan eng ilg‘or poligraflar joriy etildi.
Akademiyada shuningdek psixofiziologik laboratoriya sharoitida poligraf uskunalarini qo‘llash yuzasidan maxsus ta’lim dasturi ham joriy etilmoqda. Ilg‘or xorijiy amaliyot mazkur texnologiyalarning jinoyatlarni tergov qilish sifati va samarasini oshirishda ijobiy ta’sir ko‘rsatishidan dalolat beradi.
Ushbu choralar jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamiyatda xavfsizlikni ta’minlash faoliyati samarasini oshirishga xizmat qiladi. Kadrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy samarali texnologiyalarni qo‘llash bo‘lajak tergovchilarning bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, amaliyotchi xodimlar malakasini oshirish, shuningdek mamlakatimizda jinoyatchilik darajasini pasaytirishga yo‘naltirilgan qarorlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.