Akademiyada O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi

Akademiyada O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bosh prokuratura rahbariyati, O‘zbekiston prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi rahbariyati, Akademiya professor-o‘qituvchilari va xodimlari, talabalar, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Bayram tadbirini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Shohrux Azamatovich Aminov ochib berib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Tabrik so‘zida Bosh prokuratura akademiyasida negizida salkam ikki yil oldin barpo etilgan Huquqni muhofaza qilish akademiyasining qisqa davr ichida qo‘lga kiritgan yutuqlari e’tirof etildi.

Xususan, 2024 yilda keng jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi ta’lim muassasalari–2024” tanlovida Akademiyaning birinchi o‘rinni egalladi.

Yurtimiz bo‘yicha joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga bir o‘ringa o‘qishga kirish uchun bakalavriatda o‘rtacha 4,3 nafar, magistraturada 1,4 nafar nomzod to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Akademiyada bir o‘ringa o‘qishga kirish uchun bakalavriatda 20 nafar, magistraturada 61 nafar nomzod to‘g‘ri keldi.

Hozirda Akademiyada ta’lim oluvchilar qariyb 1 ming 200 nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek 2 ming 300 nafardan ortiq xodim malaka oshirdi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab, “Prokurorlik faoliyati” yo‘nalishida ikkinchi oliy ta’lim hamda magistraturaning “Prokurorlik faoliyati” mutaxassisligida kechki ta’lim shakli yo‘lga qo‘yildi.

Shundan so‘ng Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Vyacheslavovich Kolenko so‘zga chiqdi va Akademiya jamoasini, barcha ustozlar va faxriylarni bayram bilan samimiy tabriklab, eng ilg‘or tajriba va amaliyotga asoslangan ta’lim jarayonlarini tashkil etish, o‘z zimmasiga yuklatilgan kasbiy vazifalarini a’lo darajada bajarishga qodir salohiyatli kadrlarni tayyorlashda Akademiya jamoasiga fidoyilik va omad tiladi.

Bosh prokuratura va Akademiya rahbariyati tomonidan rahbatlantirilgan bir guruh xodimlarni taqdirlash marosimi bayram tadbiriga boshqacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbir davomida Akademiya talabalari ustozlarni badiiy chiqishlar davomida tabrikladilar.