O‘zbekiston – Qozog‘iston: prokuratura organlari salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda

O‘zbekiston – Qozog‘iston: prokuratura organlari salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi so‘roviga ko‘ra “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston Respublikasining Huquqni muhofaza qiluvchi organlari va boshqa idoralarning faoliyati” mavzusida malaka oshirish kursi tashkil etildi. Kurs tinglovchilari Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuratura hamda uning huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi amaldagi xodimlaridan iborat bo‘ldi.

Kurs dasturi ekstremistik va terrorchilik harakatlarni vujudga kelish sabablari va omillari, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi,  ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati, terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilishning kriminalistik jihatlari, terrorchilik akti sodir etilgan joyni ko‘zdan kechirishning o‘ziga xos jihatlari va boshqa dolzarb mavzularni o‘z ichiga olgan.

 “Kiberterrorizm: kibermakonda din omili va radikallashuv”, “Ekstremistik va terroristik faoliyat uchun javobgarlik: malakalash muammolari”, “Mojaroli hududlardan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish: O‘zbekiston tajribasi”  mavzularidagi o‘quv mashg‘ulotlari tinglovchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Malaka oshirish kursi doirasida bir qator sayyor mashg‘ulotlar tashkil etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish derpartamentida tashkil etilgan mashg‘ulot davomida Departamentning terrorizmni moliyalashtirilishiga qarshi kurashish faoliyati yuzasidan ma’lumotlar berildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida islomdagi asosiy yo‘nalish va oqimlar, diniy fundamentalizm va fanatizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda O‘zbekiston musulmonlar idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning roli atroflicha ko‘rib chiqildi.

Toshkent shahar IIBBda tashkil etilgan sayyor o‘quv mashg‘uloti jarayonida tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Toshkent  viloyati Parkent tuman prokuraturasi va Toshkent  shahar prokuraturasiga tashrif tashkil etilib, qozog‘istonlik hamkorlar hududiy prokuraturalarning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati bilan tanishtirildi.

Malaka oshirish kursi yakunida Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegatsiyasi a’zolariga maxsus sertifikatlar topshirildi.