O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili Ashxobod shahrida (Turkmaniston) “Terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga doir maqsadli moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash borasida FATF standartlarini implementatsiya qilishda YEXHT ishtirokchi-davlatlarning ilg‘or tajribasi” mavzusida tashkil etilgan seminarda ekspert sifatida ishtirok etdi.
Mazkur tadbir YEXHTning Ashxoboddagi ofisi tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi bilan hamkorlikda Turkmanistonning huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari hamda pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilot vakillari uchun tashkil etildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili o‘z chiqishlarida shaxslarni sanksiyaviy ro‘yxatlarga kiritish, ishga solmay to‘xtatib quyish choralari va ta’qiqlar, maqsadli moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash samaradorligini ta’minlash mexanizmlari va sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq masalalar bilan tanishtirdi. Mazkur chiqishlar doirasida maqsadli moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha Turkmaniston qonunchiligi va amaliyotining tahlili natijalari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi.
Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar sessiyasi davomida ishtirokchilarni guruhlarda ishlashi tashkil etilib, har bir guruh ishtirokchilarining faoliyati hususiyatidan kelib chiqib alohida mashqlar berildi va bajarish natijalari muhokama qilindi.
Seminarning yakuniy qismi maqsadli moliyaviy sanksiyalarni samarali qo‘llash maqsadida Turkmaniston milliy qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarga bag‘ishlandi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili o‘zining barcha chiqishlari doirasida ishtirokchilarni xorijiy, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining ilg‘or tajribasi bilan tanishtirdi.