Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlari faoliyatida davlat tilidan to‘g‘ri va to‘liq foydalanishni ta’minlash, davlat tilining nufuzini oshirish, xodimlarning nutq madaniyatini yuksaltirish va davlat tilida ish yuritishga oid amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida “Tilga e’tibor – elga e’tibor” deb nomlangan tanlov o‘tkazildi.
Tanlov uch yo‘nalishda tashkil etilgan bo‘lib, tizimli tahliliy ish tanlovi, savodxonlik tanlovi va she’riyat tanlovidan iborat.
Tanlovning hududiy saralash bosqichida 100 nafardan ortiq xodim ishtirok etgan bo‘lib, birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblar yakuniy bosqichga yo‘llanma oldilar.
Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 1-, 2-, va 3-o‘rin g‘oliblari pul mukofotlari hamda diplomlar bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, g‘oliblar va nominatsiya sohibi bo‘lgan xodimlarga navbatdan tashqari darajali unvon, sertifikat, sovg‘a yoki boshqa turdagi rag‘batlantirishlar bilan taqdirlandilar.
Tanlov komissiyalari tarkibiga hududiy bosqichlarda va yakuniy bosqichda filologlar, yozuvchilar, shoirlar va adabiyotshunoslar kiritilgan.
Tizimli tahliliy ish tanlovining birinchi bosqichida birinchi o‘rinni egallagan barcha mualliflar yakuniy bosqichda og‘zaki suhbatdan o‘tdilar. Bu bosqichda tahliliy ishlarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi, jamoatchilik nazoratining samarali usullari, davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni hal etish yo‘llari va davlat tilining nufuzini oshirishga qaratilgan takliflar kabi muhim jihatlar tahlil qilindi.
Og‘zaki suhbatlar natijasida tizimli tahliliy ish tanlovi bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rin g‘oliblari, shuningdek, "Eng zo‘r tizimli tahlil" va "An’anaviy vaziyat va noan’anaviy yechim", “ Eng yaxshi protsessual xujjat” nominatsiyalari sohiblari aniqlandi.
Savodxonlik tanlovida birinchi bosqichda o‘zbek adabiy tili me’yorlari va lotin alifbosi doirasidagi test savollarini yechish natijasida g‘oliblar aniqlandi. Yakuniy bosqichda esa ishtirokchilar dolzarb mavzular va mumtoz adabiyot asosida insho yozadilar, va natijada 1-, 2- va 3-o‘rin g‘oliblari, shuningdek, "Eng chiroyli husnixat" nominatsiyasi sohibi aniqlandi.
She’riyat tanlovida birinchi bosqichda ishtirokchilar “Vatan”, “O‘zbek tili” va “Kasb” mavzulari bo‘yicha tanlagan she’riy matnlarni taqdim etdilar. Yakuniy bosqichda esa ishtirokchilar Hay’at tomonidan taqdim etilgan she’riy matnlarni o‘qib eshittirdilar, ularni tahlil qildilar. Natijada she’riyat tanlovi bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rin g‘oliblari, shuningdek, "Eng jozibali she’riy ifoda" nominatsiyasi sohibi aniqlandi.