Huquqni muhofaza qilish akademiyasining intellektual o‘yinlar zalida “Tergov faoliyati” yo‘nalishi 2-bosqich talabalari uchun tashkil etilgan “Xalqaro huquqda aholi” mavzusidagi debat klubining kuzgi mavsumiga start berildi. Mazkur platforma talabalarning intellektual salohiyatini oshirish, ijtimoiy faolligini yuksaltirish va yuridik bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan samarali vosita sifatida xizmat qiladi.
Debatlar ilmiy odob va bahs madaniyatiga tayangan holda o‘tkaziladi. Bu jarayon talabalarning yuridik fanlarni chuqur o‘zlashtirishi, tanqidiy fikrlash va himoya nutqini rivojlantirishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan munozaralar orqali talabalar turli ijtimoiy va huquqiy muammolarni xolis baholash, yuridik asoslangan qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini takomillashtiradilar.
Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, debat klubi nafaqat bilim berishga, balki turli yuridik oliygohlar talabalarini birlashtirishga ham xizmat qiladi. Mazkur muloqot maydoni talabalarga o‘z fikrlarini erkin bayon qilish, hozirjavoblik va murakkab savollarga javob topishda yordam beradi. Shuningdek, u yosh mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, kelgusidagi kasbiy hamkorliklar uchun zamin yaratishni maqsad qilgan.
Debatlar har hafta muntazam ravishda turli huquqiy mavzularda o‘tkaziladi va ishtirokchilar tanlangan mavzu bo‘yicha tezislar tayyorlab, ularni himoya qiladilar. Ushbu klubning faoliyati doirasida amaliyotchi yuristlar va professorlar bilan uchrashuvlar, xalqaro huquq va qonunchilik muammolari bo‘yicha mahorat darslari va seminarlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, debat klubi respublika miqyosidagi barcha yuridik oliygohlar talabalarini ushbu platformada birlashtirishni maqsad qilib, turli tanlovlar o‘tkazishni rejalashtirgan.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ushbu debat klubi orqali yoshlarga innovatsion ta’lim metodlarini taqdim etishni maqsad qilmoqda va talabalarni har bir munozarada faol ishtirok etishga chorlaydi.