Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tinglovchilari uchun magistratura o‘quv dasturi doirasida Ichki ishlar vazirligi ko‘magida poligon sharoitida o‘quv va amaliy sayyor mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tadbirlarning asosiy maqsadi dala sharoitida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, tinglovchilar tomonidan jangovar, saf va jismoniy tayyorgarlik asoslarini o‘zlashtirish hisoblanadi.
Poligonda tegishli fanlar bo‘yicha ta’lim olishni uzluksiz davom ettirilib, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan sayyor o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilar tajribali ustozlar rahbarligi ostida haqiqiy holatga yaqin bo‘lgan vaziyatda turli tergov harakatlarini amalga oshirish va kriminalistika sohasidagi kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tinglovchilar o‘z bilim va salohiyatini yanada oshirish maqsadida poligondagi mavjud elektron kutubxona, sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish uchun tegishli sport majmualaridan samarali foydalandilar.
Dala sharoitidagi o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari Akademiya magistraturasi tinglovchilarida o‘zaro do‘stona munosabatni shakllantirishga, jamoaviy ruhni mustahkamlashga hamda ular orasida samarali tajriba almashinuvini amalga oshirishga xizmat qiladi.