Axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan axborot olish huquqi kafolatlari, shuningdek, axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish, internetdan tezkor va unumli foydalanish masalalariga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Internetdan samarali va to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirish, uning ijtimoiy, ma’naviy va madaniy ahamiyatini yoshlarimizga yetkazish muhim masala bo‘lib, talabalarning internet imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni internetdagi salbiy holatlardan himoya qilish, shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash masalalarida xabardorlikni oshirish maqsadida mazkur tadbir tashkil etildi.

Tadbirda milliy ekspertlar, soha mutaxassislari, o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida ishtirokchilarga internetdan foydalanish madaniyati, ijtimoiy tarmoqlardagi odob-axloq qoidalari, axborot xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishning ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, virtual va real hayotni ajratish, onlayn axborot manbalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha maslahatlar berildi.

Shuningdek, talabalar orasida “Bo‘lajak kiberprokurorlar korpusi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish haqidagi takliflar muhokama etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga internetdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha maxsus tavsiyalar va eslatmalar berildi. Tadbirning o‘tkazilishi internetdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.