Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi


Joriy yilning 20 noyabr kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori I.V.Krasnov boshchiligidagi delegatsiya vakillarining tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif davomida delegatsiya Akademiyaning tuzilmasi va asosiy faoliyat yo‘nalishlari, prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish tizimi hamda o‘quv jarayoni bilan tanishtirildi.

Shuningdek, delegatsiya vakillari Akademiyada amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga qaratilgan zamonaviy ta’lim infratuzilmasi, ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va yondashuvlar, Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot Instituti hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi faoliyati bilan tanishdilar. Mehmonlar Akademiya yuridik klinikasi, kriminalistik poligonlar, laboratoriyalar, sud imitatsiyasi xonasi va boshqa amaliy va simulyatsion mashg‘ulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus xonalar, shuningdek, axborot-resurs markazini ko‘zdan kechirdilar.

Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi. Akademiyaning ilm-fan, ta’lim va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligiga asoslangan ta’lim faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tomonlar prokuror-tergov kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Tashrif doirasida shuningdek Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi vakillari ishtirokida Akademiya tinglovchilari uchun ma’ruzalar tashkil etildi.

Ma’ruzalar bir qator dolzarb muammolar, jumladan raqamli jinoyatchilikka qarshi kurashishda prokuraturaning turli idoralar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi roli, aktivlarni qaytarish sohasida xalqaro hamkorlikning muhim jihatlari, samarali hamkorlikni ta’minlovchi mexanizmlar va huquqiy vositalar ko‘rib chiqildi.

Kurs yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.