Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganligining ikki yilligiga bag‘ishlangan “Huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasidagi global chaqiriqlar va tahdidlar: zamonaviy strategiyalar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar” parallel sessiyasi o‘tkazildi.
Mazkur sessiya Akademiya tomonidan Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar turkumini boshlab berdi.
Sessiya davomida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasida O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, AQSH, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Gonkong, Sloveniya, Qirg‘iz Respublikasining ilmiy, amaliy, akademik soha vakillari qayd etilgan sohalarda muammolar va yechimlar haqida so‘z yuritishdi.
Shuningdek, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO), “Mintaqaviy muloqot” XNNT, CERT Akademiyasi kabi tashkilotlar vakillari xalqaro hujjatlarda, jumladan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi, ISO 37001:2016 “Poraxo‘rlikka qarshi kurashish” standartining korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishdagi o‘rnini qayd etishdi.
Shu kabi, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Gonkong Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiyasi, O‘zbekiston Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi, Qozog‘iston parlamenti, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish ishbilarmonlar kengashi vakillari o‘z chiqishlarida mamlakatlarida korrupsiyaga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasida yangi tahdidlar va ularning yechimlari borasidagi amaliy tajribalari bilan bo‘lishishdi.
Shu bilan birga, ilmiy va akademik doira vakillaridan chiqish qilgan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Britaniyaning Sasseks universiteti, Qozog‘iston Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi, Rossiya yangi universiteti va Amur davlat universiteti professor xodimlari ushbu dolzarb sohalarda amalga oshirilgan tadqiqotlar, ularning natijasida ishlab chiqilayotgan ilmiy takliflar va qarashlarni bayon qilishdi.
Konferensiyaning mazkur sessiyasi ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan yangicha islohotlar, tahdidlarni xalqaro standartlar, ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy ilmiy yondashuvlar orqali oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga yordam berdi.
Ishtirokchilar korrupsiya va jinoiy daromadlarni legallashtirish sohasidagi tahdidlarga birgalikda yechim izlash maqsadida hamkorlikni yanada mustahkamlash haqidagi fikr berishdi.